1384.jpgPoytaxtimizdagi O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazma zalida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Qo‘li guldir o‘zbek ayolin…” nomli ko‘rgazma-savdo ish boshladi. 8 mart – Xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan ko‘rgazma “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, “Mahalla” jamg‘armasi, “Agrobank” aksiyadorlik-tijorat banki, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning ochilishida “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi raisi Jamshid Sayfiddinov Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda barcha sohalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi faolligini oshirish, ularning huquqlarini har tomonlama muhofaza qilish, oila, onalik va bolalik manfaatlarini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilgan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu yo‘nalishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat asosida xotin-qizlarning bilim va malakasini oshirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari barpo etish, kasanachilikni rivojlantirish, tadbirkorlik ishini boshlash istagida bo‘lgan ayollar uchun imtiyozli kreditlar ajratish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi vazifalar ijrosini ta’minlashda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bir qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda turli ijtimoiy loyihalar, grant dasturlar, seminar mashg‘ulotlar, ko‘rgazma-savdolari, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini tashkil etmoqda. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Qo‘li guldir o‘zbek ayolin…” nomli ko‘rgazma-savdo ham ana shunday tadbirlar sirasidandir.

Ko‘rgazma-savdoning o‘ziga xos jihati shundaki, uning doirasida milliy hunarmandlik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan ayollar uchun o‘z mahsulotining savdosini tashkil etish, tadbirkorlikni boshlash, biznes- rejalar ishlab chiqish, imtiyozli kredit mablag‘lar olish ishlari bo‘yicha o‘quv seminarlar tashkil etiladi, amaliy yordam ko‘rsatiladi. Ayni paytda milliy hunarmandlik, xalq iste’moli buyumlari uchun buyurtmalar olinib, shartnomalar imzolash, o‘z ishini boshlash istagidagi ayollarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ko‘rgazmada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida milliy hunarmandlik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar o‘zining to‘rt yuz mingdan ortiq mahsuloti bilan ishtirok etmoqda.

– Bunday katta ko‘rgazma-savdoda birinchi marta ishtirok etyapman, – deydi qoraqalpog‘istonlik tadbirkor Jadra Davletnazarova. – Unga ellikdan ortiq milliy o‘yinchoq tayyorlab kelganman. Bu o‘yinchoqlar bolalarni Vatanga muhabbat, milliy an’ana va qadriyatlar ruhida tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Akbarova so‘zga chiqdi.

Manba: O‘zA

(3 votes, average: 4.67 out of 5)
Loading ... Loading ...