1265.jpg“O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. 4-modda. Respublika Baynalmilal madaniyat markazida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” jamg‘armasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati kabi tashkilotlar hamkorligida Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 17 yilligiga bag‘ishlangan “Istiqlol: islohotlar mohiyati, taraqqiyot va demokratiya” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, milliy-madaniy markazlar, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy diplomatik korpus vakillari, olimlar, o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Respublika Baynalmilal madaniyat markazi rahbari N.Muhammadiyev, «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori R.Ubaydullayeva, Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari M.Hojimatov, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi A.Alimov, «Mahalla» jamg‘armasi raisi A.Ahmedov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz farovonligini oshirish, Vatanimizning kuch-qudrati va iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar jarayonida millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi ahillik, tinchlik va totuvlik jamiyatimizdagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik muhiti muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladilar.

O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elat vakillarining tili va urf-odatlarini saqlash, rivojlantirish masalalariga ulkan e’tibor berilayotir.

Bugungi kunda yurtimizda bir yuz ellikka yaqin milliy madaniyat markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bir oila farzandlaridek istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining urf-odat va an’analari, qadriyatlarini asrab-avaylash, yanada ravnaq toptirish, yosh avlodni ezgulik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, bunyodkorlik ruhida tarbiyalashga, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini qaror toptirishga ushbu markazlar ham munosib hissa qo‘shib kelayotir.

Anjumanda O‘zbekiston – bizning umumiy uyimiz, vijdon erkinligining konstitutsiyaviy asoslari, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, O‘zbekiston Konstitutsiyasi – diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlik ta’minlanishining kafolati kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Shu kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida «O‘zbekiston – umumiy uyimiz!» festivali bo‘lib o‘tdi. Unda san’at ustalari, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniyat markazlarining konsert dasturi hamda tasviriy va amaliy san’at ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Festivalning ochilishida ko‘pmillatli mamlakatimizda yangi hayot, yangi jamiyat barpo etish, xalqimiz, ayniqsa yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, barcha sohalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida barcha millat va elat vakillari faol ishtirok etayotgani ta’kidlandi. Bu jihatlar madaniyat, san’at, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda ham o‘z tasdig‘ini topmoqda. Zero, barkamol inson, ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik kabi tamoyillarning qadr-qimmati, ahamiyati shu tabarruk diyorimiz – O‘zbekiston zaminida istiqomat qilayotgan, uni o‘z Vatani deb biladigan har bir fuqaroga daxldordir.

– O‘zbekistonda o‘sib ulg‘aydim, ta’lim oldim, kasb-hunar egalladim, oilali bo‘ldim, ijodkor sifatida elga tanildim, – deydi musavvir Svetlana Soy. – Shu aziz zamin men uchun muqaddas yurt, jonajon Vatandir. Shunday ekan, aziz Vatanimizni asrab-avaylash, shon-shuhratini oshirishga hissa qo‘shish har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Akbarova so‘zga chiqdi.

Manba: O‘zA 

(1 votes, average: 1 out of 5)
Loading ... Loading ...