Munosabat

Zamonaviy mavzudagi sahna asarlarini yaratish azaldan teatr san’ati oldida turgan dolzarb vazifalardan bo’lib kelgan. Bu yo’nalishda salmoqli natijalarga erishgan ijodiy jamoalar orasida O’zbek milliy akademik drama teatrini ko’rsatish mumkin. Teatr repertuaridan joy olgan zamonaviy mavzudagi asarlar orasida Qo’chqor Norqobil piesasi asosida rejissyor Valijon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan “Quyoshni sen uyg’otasan” spektakli e’tirofga loyiq. Yurtimiz mustaqilligining yigirma yilligi arafasida taqdimoti bo’lib o’tgan ushbu sahna asari qisqa vaqt ichida o’z muxlislarini topdi.

O’zbek oilasi haqida gap ketganda, anor donalaridek bir-biriga yaqin bo’lgan yaxlit organizm ko’z oldimizga keladi. Agar oilani uyga qiyos qiladigan bo’lsak, erkak uning ustuni. Oila a’zolarining har biri unga suyanadi, madad kutadi. Afsuski, bugun ana shu burchni unutib, mo’may daromad ilinjida xorijga bosh olib ketayotgan yurtdoshlarimiz ham yo’q emas. Ularning taqdiri barchamizni birdek xavotirga solishi tabiiy. YOt o’lkalarda xor-zor bo’lib yurgan bunday odamlardan aziyat chekadigan kim? Uning yo’liga intizor ayoli, yuragini hovuchlab kutayotgan volidasi, jo’jabirday farzandlari emasmi!?

“Quyoshni sen uyg’otasan” spektaklida yurtidan tashqariga ketib, sarson-sargardon yurgan ayrim yigitlarning ayanchli taqdirini ko’rsatish orqali Vatanga muhabbat, oilaga sadoqat g’oyalari ulug’lanadi. Biz buni spektaklning bosh qahramoni — Shabnam misolida ko’rishimiz mumkin.

Parda ochilishi bilan shovqin-suronli vokzal namoyon bo’ladi. Shabnam besh yildan buyon biror marta ham oilasidan xabar olmagan turmush o’rtog’i Qodirni olib ketishga harakat qiladi. Sevimli yorining iltimoslariga qaramay, Qodir Vataniga qaytishni paysalga soladi. Shunda Shabnam qa’tiyat bilan “Bir kun kelib sizga bu yerlarda umringizni bekorga o’tkazayotganingizni isbotlayman”, deya va’da beradi. Mazkur holat asar tugunini tashkil qilib, keyingi voqealar rivojlanishiga turtki beradi.

Shabnam o’z kuchiga ishongan aqlli, mehnatkash ayol. U dunyoga boshqacha ko’z bilan qaraydi. Muhabbati uchun shahar hayotidan voz kechib, qishloqqa kelgan. Bu yerda ham yaxshi imkoniyatlar yaratish mumkinligiga ishonadi. Qaynonasi Oydin momo “Ketaver, men sendan roziman” desa ham maqsadidan chekinmaydi. Biznes reja tuzib, qishloqda korxona ochishni niyat qiladi. Biroq barchasi Shabnam o’ylaganidek bo’lib chiqmaydi. Ish rejasi ko’rilmay oylab kimlarningdir xonasida chang bosib yotaveradi. Ammo qiyinchiliklar qat’iyatli ayol irodasini buka olmaydi.

Shodiya To’xtaeva Shabnam obrazini jonli, ta’sirchan qiyofada gavdalantira olgan. Uning ijrosidagi qahramon oddiy biznesmen emas, katta rejalarni ko’zlagan g’ayratli tadbirkor. Iste’dodli aktrisa qahramonning iztiroblarini chuqur his etib, buni tomoshabinga tabiiy, ortiqcha sentimental bo’yoqlarsiz yetkazib beradi.

Spektaklda Dilbar Ikromova yaratgan Oydin momo obrazi ham e’tirofga sazovor. Milliy qiyofadagi qahramonlarni gavdalantirishda katta tajribaga ega aktrisa ona rolini maromiga yetkazib o’ynagan. Oydin momo xorijda sarson-sargardon bo’lib yurgan farzandini o’ylab qattiq kuyunadi. O’g’lining ortga qaytmaganini eshitib, ko’zlari ojizlanib qoladi. Aktrisa o’z qahramonining murakkab ruhiyatini chuqur psixologik ko’rinishda ochib berishga harakat qilgan.

Tomoshabinlar e’tiborini tortuvchi qahramonlardan yana biri qishloqda qurilgan zamonaviy sport maktabi rahbari Yo’ldosh. Bu obraz spektakl jarayonida faqatgina bir sahnada ishtirok etsa-da, katta yukka ega. Yo’ldosh yoshlarning sportchi bo’lishini emas, o’z hamyoni to’lishini istaydi. Ya’ni “Taka bo’lsin, sut bersin” deydiganlardan. U Shabnamga o’zini homiy qilib ko’rsatib, uni ermakka aylantirgisi keladi. Shabnam uning yo’rig’iga yurmagandan so’ng, alamini sportchi qizidan oladi. Biroq Abduraim Abduvahobov ijrosidagi bu obrazda sun’iylik seziladi. Ijodkor mansabparast, maishatga mukkasidan ketgan oddiy qahramon qiyofasini yaratish bilan cheklanib qolgan. Tomoshabinlar yodida bo’lsa, aktyor bunga qadar “O’zbekcha raqs” tragik komediyasida Shaxob rolini ijro etgandi. Bu qahramon ayrim jihatlari bilan Yo’ldoshga o’xshash, kichik obraz hisoblansa-da, A.Abduvahobov improvizaciya hamda aktyorlik topilmalari evaziga o’ziga xos obraz yaratishga erishgan. Bizning nazarimizda Yo’ldosh rolida ana shunday ijodiy yondashuv yetishmaydi.

Asatilla Nabiev ijrosidagi Qodir spektakl g’oyasini ochishda katta ahamiyatga ega, murakkab obrazlardan biri. Asar davomida u mas’uliyatsiz, arzimas gina-kuduratlardan alamzada odam qiyofasida namoyon bo’ladi. Shunga qaramay Qodirga salbiy obraz sifatida baho berib bo’lmaydi. U nimaiki ishga qo’l ursa, oilasi farovonligini ta’minlash maqsadida qiladi. Qodir Vataniga qaytishni istaydi, biroq g’ururi ko’zini ko’r qilgan. O’zga yurtda restoran ochaman deb bor pulidan ajrab, o’zgalar tuzog’iga tushgan, ularga qaram bo’lib qolgan.

Vataniga — tug’ilib o’sgan qishlog’iga qaytib kelgach, Qodirning ko’zi ochiladi. Onasi va farzandiga ko’rinishdan uyalib, iztiroblar changalida qoladi. Biroq og’ir vaziyatda vafoli yori unga tayanch bo’ladi. Shabnamning kechirishi, qizining chempion bo’lishi Qodirga kuch bag’ishlaydi.

Oydin momo bilan o’g’ilning ko’rishish sahnasi ham o’ta ta’sirchan. Ona farzandini bag’riga bosar ekan, uni jazolagandek orqasiga urgan bo’ladi-yu, biroq uni quchib, o’kinib-o’kinib yig’laydi.

Bastakor Alisher Rasulov spektakl voqealari ruhiga mos musiqalar tanlagan. Bu ohanglar bizni uzoq Surxon diyoriga yetaklab, qahramonlar ruhiyatini anglashga yordam beradi. Shuhrat Abdumalikov tomonidan yaratilgan dekoraciya ham asar g’oyasini ochib berishga xizmat qilgan. To’p-to’p qilib bog’langan ipak arqonlar asar so’ngida yechiladi. Qizlar ularni dastgoh misol harakatga keltirib mato to’qiy boshlaydi. Nihoyat, qishloq ahli kutgan ish amalga oshadi, Shabnam quyoshni uyg’otadi.

Voqealar so’ngida tuman hokimi Zamon Ashrafovich (Mehriddin Rahmatov) tilidan aytilgan quyidagi so’zlar spektakl bosh g’oyasini ochib, asarga o’ziga xos yakun yasaydi: “Bizga hech kim, hech qachon tashqaridan kelib o’zimiz xohlaganimizday narsani yaratib, bunyod etib bermaydi. Biz nimaga erishsak, o’z kuchimiz bilan erishamiz. Aql-idrokimiz bilan, mehnatimiz bilan erishamiz. Chunki Vatan biz bilan! Biz o’z uyimizni obod qilsak, demak vatanimizni ham obod qilgan bo’lamiz”.

Javlonbek JOVLIEV,
San’at instituti talabasi

“O’zbekiston adabiyoti va san’ati” 2011 yil, 9 dekabr, № 50 (4137)

http://uz.mcs.uz/ministry/press/pressculture/culturenews/483-oilaga-sadoqat-vatanga-sadoqat.html