Poytaxtimizdagi Kinochilar uyida Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun huquqiy va tashkiliy salohiyatini rivojlantirish” qo‘shma loyihasi hamkorligida tashkil etilgan “Ayolni ulug‘lab” mavzuidagi milliy kino haftaligi boshlandi.

Tadbirning ochilishida “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Is’hoqov, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari M.Zufarova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, intellektual va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladilar.

Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 17 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur kino haftaligidan maqsad istiqlol yillarida mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ular erishayotgan yuksak muvaffaqiyatlar, zamonaviy o‘zbek ayoli obrazlari ifodalangan milliy filmlarni namoyish etishdan iborat.

Bugungi ayollar nafaqat ijtimoiy-madaniy, balki iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik kabi sohalarda ham faol ish yuritmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi mavqeini yanada yuksaltirish, ularga munosib mehnat sharoitini yaratishga oid masalalar mustahkamlab qo‘yilgan. Shuningdek, xotin-qizlar mehnatining kasanachilik, kichik biznes kabi yangi, samarali usullarini rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarida ayollarni ish bilan ta’minlash, ularning huquqiy manfaatlarini, mehnat muhofazasini qat’iy himoyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Kino haftaligida yigirmaga yaqin hujjatli va badiiy film namoyish etiladi.

O’zA