Poytaxtimizning Yunusobod dahasi o‘zining ko‘p yillik tarixiga ega. U aslida “Yunusrabot” deb yuritilgan. Xalq orasida “Yunsavat” deb ham talaffuz qilingan.

Bu nom uchta, ya’ni “Yunus” (shaxs nomi), “ra” (fors-tojikcha “roh”, ya’ni “yo‘l”) va sug‘diycha “vot” yoki “bot” (ya’ni “qo‘noq”) so‘zlarining birikmasidan hosil bo‘lgan. Demak, mahallaning nomi Yunus ismli shaxsning yo‘l ustidagi qo‘nog‘i yoki karvonsaroyi degan ma’noni anglatgan.

Ilgari bu mahalla Toshkent shahrining tashqarisida — Labzak, Taxtapul va Qorasaroy kabi darvozalardan Dashti Qipchoq va Yettisuvga tomon yo‘nalgan qadimgi karvon yo‘li ustida joylashgan edi. Shubhasiz, shimoliy yurtlardan qaytayotgan savdogarlaru sayyohlar kech kirib, shaharga yetib kela olmasalar, Yunusobodda tunab qolganlar.

XVI-XVIII asrlarda Toshkentning Dashti Qipchoq, Yettisuv va G‘arbiy Shivir (Sibir) aholisi bilan savdo-sotiq aloqalari jonlanib ketadi. Shu davrlarda Toshkentning shimoliy ostonasida joylashgan Oqtepa-Yunusobod mavzesi shahar sarbozlarining qo‘noqli toshhovlisi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yunusobod mavzesi nomining qaror topishi mustaqil Toshkent xonligining asoschisi Yunusxo‘janing ismi-sharifi bilan bog‘liqdir. Keyinchalik Toshkent shahrining kengayishi natijasida Yunusobod shaharga tutashib ketib, uning yirik mahallalaridan biriga, bora-bora alohida tumanga aylandi.

Akbar ALIYEV tayyorladi.