Bir kuni sinfdoshimga “Stolovoy demay, oshxona degin” desam, undan “Ie, stolovoy boshqa narsa, oshxona uyda bo‘ladi” degan javobni eshitdim. Mana sizga maktab o‘quvchisining saviyasi. Ona tilimizdagi so‘zlarning farqiga bormasdan, ruscha so‘zlarni pala-partish ishlatish uni shu ahvolga solib qo‘ygan, shekilli. Hozirgi kunda xorijiy tillarni bilgan kishiga rag‘bat va rahmat ishlari ziyoda. Biroq chet tillarni bilish bilan xorijiy so‘zlarni pala-partish ishlatish boshqa boshq­aligini ko‘pchilik yoshlarimiz unutib qo‘yishyapti, chamasi. O‘zimizning maftunkor ona tilimiz o‘rniga xorijiy so‘zlarni qo‘llash odat tusiga aylanyapti.Men maktabimizdagi tengdoshlarim nutqida mana shunday o‘rinsiz ishlatilgan so‘zlarni eshitib, o‘ylanib qolaman: “Zvonok bo‘ldi, stolovoyda ko‘rishamiz”, “Mamashka zvonok qivotti”, “Iltimos, lojkani uzatvor” singari.

 

Axir bunday o‘rinlarda bemalol qo‘llasa bo‘ladigan sof o‘zbekcha so‘zlarimiz, ajoyib atamalarimiz bor-ku. Xususan, qo‘ng‘iroq, oshxona, oyijon, qoshiq kabi so‘zlar azal-azaldan ona tilimizda qo‘llaniladi. Nazarimda, ayrim yoshlarda ona tilimizga e’tibor, uni hurmat qilish tuyg‘ulari pasayib borayotgandek tuyuladi. Axir nega hadeb chetdan kirib kelgan so‘zlarni ishlataveramiz? Nima, ular anglatadigan ma’no o‘zbek tilida yo‘qmi?

 

Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz”lik ekan, biz o‘z ona tilimizdagi so‘zlarga juda hurmat bilan munosabatda bo‘lmog‘imiz kerak. Chunki ona yurtning kelajagi, rivoji, albatta, biz yoshlarga bog‘liq.

Davronbek ORIPOV,

 

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi
17-lingvistik maktab-gimnaziya o‘quvchisi